Ibrat, 19-asrning ikkinchi yarmi va 20-asr boshlaridagi eng taniqli jadidlardan biridir. Vaholanki, Ibrat ajoyib hayot kechirgan favqulodda noyob shaxsdir. O’zbek tarixchiligi va ommaviy ma`daniyati haligacha uni to’liq o’rganib asl bahosini bera olmagan. Turkistonday olis, chekka qishloqda tug’ilib o’sgan bu insonni o’z davri uchun g’aroyib taqdir egasi deb hisoblash mumkin: 25 yoshida hajga safarga chiqib ketgan o`smir to’qqiz yil davomida butun dunyoni kezadi, Yaqin Sharqni, Usmonli Saltanatini, Misrni, Yevropani Eronni ko`radi. To’qqiz yillik sarguzashtlardan so’ng u 34 yoshli ayni kuchga to`lgan bo`z yigit bo`lib qishlog`iga qaytadi. To’qqiz yil ichida butun dunyoni kezib chiqib, turfa davlatlarni, xalqlarni, ma`daniyatlarni ko`rgan, dunyoning eng yirik kutubxonalridan bo`lgan, Yevropa va Osiyo tillarini eshitgan va o`zlashtirgan odam u paytlari Turkiston tugul ma`daniyatli olam uchun ham kamyob hodisa edi. Hatto bugungi kommunikatsiya asrida ham har kim buncha o`lkani aylanib, buncha bilimga ega bo`la olmaydi. 150 yil oldin Farg’ona vodiysining bir chetida G`arbning markaziy shaharlarida yashagаn, yigirmata tilni u yoki bu darajada biladigan, tilshunoslik va tarixchilikni o`z davrining eng ilg`or olimlari darajasida biladigan insonni uchratish qishlog`idan nariga kamdan-kam chiqadigan sodda mahalliy aholigina emas, ruslarni ham hayratlantirar edi. Ibrat tom ma`noda bugungi avlodlarga ibrat bo`la oladigan tarixiy shaxsdir. U va u kabilarga e`tibor ekranga olib chiqilishi o`zbek tomoshabinini o`z tarixiga yaqinlashtiradi desak mubolag`a bo`lmaydi.